ABDUHOSHIM ISMOILOV ISHTIROKIDA IJODIY UCHRASHUV VA RESPUBLIKA KO‘RIK-TANLOVINING VILOYAT BOSQICHI O‘TKAZILDI

13 Nov, 2026 - 16:00
63
ABDUHOSHIM ISMOILOV ISHTIROKIDA IJODIY UCHRASHUV VA RESPUBLIKA KO‘RIK-TANLOVINING VILOYAT BOSQICHI O‘TKAZILDI

Tadbir

2026-yil 13-noyabr kuni Jizzax ixtisoslashtirilgan san’at maktabida O‘zbekiston xalq artisti, “G‘ijjak cholg‘u ijrochiligi” ijodiy birlashmasi raisi Abduhoshim Ismoilov ishtirokida ijodiy uchrashuv hamda “G‘ijjak cholg‘u ijrochilari” Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir milliy cholg‘u ijrochiligi san’atini rivojlantirish, g‘ijjak ijrochiligi maktabi an’analarini davom ettirish, yosh iste’dodlarni kashf etish va ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuv davomida taniqli san’atkor Abduhoshim Ismoilov yosh ijodkorlar, musiqa maktablari o‘quvchilari hamda soha vakillari bilan samimiy muloqot olib bordi. Ochiq muloqot jarayonida milliy musiqa san’atining bugungi rivojlanish tendensiyalari, an’anaviy ijrochilik maktablarining o‘ziga xos jihatlari, g‘ijjak cholg‘usining o‘zbek musiqa madaniyatidagi o‘rni va yosh avlodning ushbu san’at turiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

San’atkor o‘zining ko‘p yillik ijodiy faoliyati, sahna tajribasi va ijrochilik mahorati bilan bog‘liq fikr-mulohazalarini yoshlar bilan o‘rtoqlashib, milliy musiqa merosini chuqur o‘rganish, ustozlar tajribasidan unumli foydalanish hamda ijrochilikda o‘ziga xos uslubni shakllantirish muhimligini ta’kidladi.

Tadbir dasturidan o‘rin olgan yana bir muhim jarayon — “G‘ijjak cholg‘u ijrochilari” Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘ldi. Unda yosh ijrochilar o‘zlarining musiqiy bilimlari, ijro mahorati, sahna madaniyati va repertuar tanlash borasidagi salohiyatlarini namoyish etdilar.

Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari belgilangan mezonlar asosida baholanib, eng munosib va iqtidorli ijrochilar saralab olindi. Tanlov yakunlariga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga Respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmalar topshirildi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida Abduhoshim Ismoilov tomonidan yosh ijrochilar uchun g‘ijjak cholg‘usi bo‘yicha mahorat darsi (master-klass) tashkil etildi. Mashg‘ulot davomida cholg‘uda ijro etish texnikasi, tovush hosil qilish, asarlarning badiiy talqini, ijrodagi aniqlik va mahoratni oshirishga oid amaliy tavsiyalar berildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita taniqli san’atkordan javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Ushbu ijodiy uchrashuv va ko‘rik-tanlov yosh ijrochilar uchun nafaqat o‘z iste’dodlarini namoyon etish, balki tajriba almashish, kasbiy mahoratlarini oshirish hamda respublika miqyosidagi tanlovda ishtirok etish sari muhim qadam bo‘ldi.

Milliy cholg‘u ijrochiligi san’atini keng targ‘ib qilish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ustoz-shogird an’analarini izchil davom ettirishga qaratilgan bunday tadbirlar yurtimizda milliy musiqa madaniyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
 

Jizzax viloyati
Madaniyat boşqarmasi
matbuot xizmati

Jizzax viloyat madaniyat boshqarmasi

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash