“Ijodkor mas’uliyati va so‘z sehri” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

28 Sep, 2026 - 10:00
34
“Ijodkor mas’uliyati va so‘z sehri” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv

Adabiyot — inson qalbiga yo‘l topadigan, uning ma’naviy olamini boyitadigan buyuk kuch. Ijodkor bilan yuzma-yuz muloqot esa yosh avlodning adabiyotga mehrini yanada oshirib, so‘zning qudrati va ijod mas’uliyatini teranroq anglashiga xizmat qiladi.

Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida viloyat musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, shoir, “Umr daraxti”, “Yurt qadri”, “Men o‘shaman” kabi she’riy kitoblar muallifi Abduraim Lapasov bilan tashkil etilgan ijodiy uchrashuv ham ana shunday samimiy va mazmunli muloqotlardan biri bo‘ldi.

“Ijodkor mas’uliyati va so‘z sehri” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda o‘quvchilar taniqli ijodkorning san’at va adabiyot olamidagi faoliyati, hayotiy tajribasi hamda ijod yo‘lida bosib o‘tgan mashaqqatli va sharafli yo‘li bilan yaqindan tanishdilar.

Uchrashuv davomida Abduraim Lapasov ijodkor zimmasidagi mas’uliyat, badiiy so‘zning inson ruhiyatiga ta’siri, she’riyatning tarbiyaviy ahamiyati xususida fikr-mulohazalarini bildirdi. Ayniqsa, ijod yo‘lini tanlagan yosh kishi doimo izlanishi, mutolaa qilishi, ona tilining boy imkoniyatlaridan unumli foydalanishi va o‘z so‘ziga mas’uliyat bilan yondashishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Samimiy savol-javoblarga boy kechgan suhbat o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Yosh ijodkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, ustozning hayotiy va ijodiy tajribasidan muhim saboqlar oldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirib, ularni mustaqil fikrlashga, ijodiy izlanishga va so‘zning qadrini chuqur his etishga undashi bilan ahamiyatlidir.

Tadbir yakunida Abduraim Lapasov tomonidan mualliflik kitoblari maktab kutubxonasiga sovg‘a qilindi. Ushbu kitoblar endilikda ijod maktabi o‘quvchilarining mutolaa olamini yanada boyitib, yosh qalamkashlar uchun ma’naviy va ijodiy manba bo‘lib xizmat qiladi.

So‘zga muhabbat, san’atga sadoqat va yosh avlod bilan samimiy muloqot uyg‘unlashgan mazkur ijodiy uchrashuv o‘quvchilar xotirasida unutilmas taassurot qoldirdi. Zero, ustoz ijodkorning hayotiy tajribasi va samimiy nasihati yosh iste’dodlarning kelajakdagi ijod yo‘lida muhim yo‘lchi yulduz bo‘lishi shubhasiz.
 

Jizzax viloyati
Madaniyat boshqarmasi
matbuot xizmati

Jizzax viloyat madaniyat boshqarmasi

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash