Do‘stlik tumanida mustaqillik bayramiga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi
30 Aug, 2025 - 09:15
22
Bayram
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!”
Do‘stlik tumanidagi “Yoshlar innovatsion maydoni” bugungi kunda xalqimiz quvonchi va shodiyonasini o‘z bag‘riga jamladi. Mustaqilligimizning 34-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostidagi bayram tantanasi yurtdoshlarimiz qalbini faxr va iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirdi.
Tadbirga sobiq rahbarlar, tuman ahli, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik taklif etildi. Bayramni ochib bergan tuman hokimi Shavkat Darvishev yurtimizdagi farovonlik va yuksalishlar haqida to‘xtalib, barchani mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Maydonda o‘rnatilgan sahnada tarixiy shaxslarimiz, jadid bobolarimiz siymosi gavdalanib, ularning “erk” deb o‘tgan buyuk orzulari sahnaviy ko‘rinishlar orqali namoyish etildi. Bu jarayonda mustaqillik qadri, ozodlikka intilish ruhi yanada chuqur his etildi.
Shuningdek, tumanda faoliyat yuritayotgan xalq folklor jamoalari o‘z chiqishlari bilan tadbirga milliy ruh bag‘ishlashdi. Poytaxtdan taklif etilgan el suygan taniqli xonandalar — Mirjalol Ne’matov, Nilufar Usmonova, Gulsanam Mamazoitova va Ramz Usmonovning qo‘shiqlari bayram ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Kechning yanada shukuhli tarzda yakun topishi uchun osmonga ko‘tarilgan rang-barang mushakbozlik barchani beqiyos zavqqa to‘ldirdi.
Mustaqilligimizning 34-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur tantana Do‘stlik tumani xalqining birdamligini, yurtimiz taraqqiyotidan chuqur quvonchini yana bir bor namoyon etdi.