“Vatan manzumasi” — Mustaqillik ruhi va milliy g‘ururning tarannumi
05 Aug, 2025 - 18:00
35
Tadbir
“Vatan manzumasi” — Mustaqillik ruhi va milliy g‘ururning tarannumi
Joriy yilning 5-avgust kuni Jizzax shahridagi “Jizzax Cyber arena” majmuasida “Vatan manzumasi” adabiy-ma’rifiy dasturi tomoshabinlarga taqdim qilindi.
Mazkur tashabbus “Uchinchi Renessans — Jadidlar timsolida” g‘oyasi asosida tashkil etilib, o‘zida tarixiy xotira, zamonaviy yutuqlar va ma’rifiy uyg‘onish tamoyillarining uyg‘unligini mujassam etdi.
Tadbir markazida yaqin o‘tmishning buyuk ma’rifatparvarlari — Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy kabi fidoyi ziyolilarning hayoti va ezgu g‘oyalari yoritildi. Ular ilgari surgan ilm, tafakkur, Vatanga sadoqat singari qadriyatlar bugungi O‘zbekiston taraqqiyot konsepsiyasi bilan mushtarak ruhda aks etdi. Sahna ko‘rinishlari orqali ushbu siymolar timsolida bayon etilgan ma’naviy jasorat va intellektual fidoyilik tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida so‘zga chiqqanlar mustaqillik yillarida erishilgan muvaffaqiyatlar, mamlakatimizda hukm surayotgan barqarorlik va farovonlik, harbiy sohaga oid izchil islohotlar haqida atroflicha fikr yuritdi.
Tadbir yakunida harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan “Jon O‘zbekistonim!”, “El-yurt posboni” kabi kuylar barcha ishtirokchilarning yuragida g‘urur, faxr va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otdi. Har bir kuy, har bir ohang — tarix, bugun va ertani birlashtiruvchi ruhiy rishtaday jarangladi.