Paxtakor tumanidagi “Mo‘jiza” istirohat bog‘ida “Askiya va qiziqchilar sayli” nomli kulgu kechasi tashkil etildi.

05 Jul, 2025 - 11:00
38
Paxtakor tumanidagi “Mo‘jiza” istirohat bog‘ida “Askiya va qiziqchilar sayli” nomli kulgu kechasi tashkil etildi.

Tadbir

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida 2025-yil 4-iyul kuni Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi “Mo‘jiza” istirohat bog‘ida “Askiya va qiziqchilar sayli” nomli kulgu kechasi tashkil etildi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi milliy askiya va qiziqchilik san’atini keng targ‘ib etish, uni yosh avlod qalbiga chuqur singdirish, shuningdek, yurtimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan san’at ixlosmandlari hamda kulgu shinavandalariga manzur bo‘ladigan mazmunli madaniy hordiq va a’lo kayfiyat ulashishdan iborat bo‘ldi.

“Askiya va qiziqchilar sayli” nomli kulgu kechasi Jizzax viloyatida o‘zgacha fayz va ko‘tarinki ruhda, yuksak saviyada o‘tkazildi. Festival doirasida mashhur askiyachilar va qiziqchilar – Mirzabek Holmedov, Valijon Shamsiyev, Boltaboy Toshmatov, Iskandar Hamraqulov, Dilshodbek Musabekov, Sa’dulla Fatxullayev kabi ustoz san’atkor va taniqli so‘z ustalarining sahnadagi chiqishlari tomoshabinlarga cheksiz quvonch, iliqlik va zavq ulashdi.

Shuningdek, viloyat san’atkorlari tomonidan ijro etilgan diltortar kuy-qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha shukuh baxsh etdi. 

Tadbir davomida Askiya saylida 2000 nafarga yaqin tomoshabinlar bo‘lishi, tomoshabinlarning askiya va qiziqchilik san’atiga bo‘lgan samimiy mehr-e’tibori, ulardagi milliy san’atga bo‘lgan chanqoqlik barchaning qalbini quvontirdi.

Tadbirda ishtirok etgan san’atkorlar va madaniyat sohasining vakillari ushbu kechani yuksak ijodiy ilhom bilan eslab qolganliklarini, bu kabi madaniy tashabbuslarning kelajak avlod uchun katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdilar.

Mazkur festival milliy madaniyatimizning ajralmas bo‘g‘ini bo‘lgan askiya va qiziqchilik san’atining yuksak qadrlanishi, yoshlarimiz qalbida ijobiy kayfiyat, kulgu va ma’naviyat uyg‘otish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

 

 

Jizzax viloyati
Madaniyat boshqarmasi
matbuot xizmati

Jizzax viloyat madaniyat boshqarmasi

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash