Arnasoy tumanida “Namunali” madaniyat markazi foydalanishga topshirildi.
27 Jun, 2025 - 18:40
66
Tadbir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi 50-sonli bayoni ijrosi yuzasidan Jizzax viloyatining tuman va shaharlarida bittadan “Namunali” madaniyat markazlari tashkil etish belgilangan.
Arnasoy tumanida ham “Namunali” madaniyat markazi tashkil etish maqsadida tuman hokimligi tomonidan 4-son madaniyat markazi binosi joriy ta’mirlanib, isitish tizimi yangilandi. Shuningdek, ovoz kuchaytirgich moslamalari, milliy musiqa cholg‘ulari, kutubxona uchun badiiy adabiyotlar, kompyuter jamlanmalari, kinoproektor bilan ta’minlandi hamda ovoz yozish studiyasi tashkil etildi.
Bugun, 27-iyun kuni ushbu “Namunali” madaniyat markazini foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat madaniyat boshqarmasi, shahar, tumanlar madaniyat bo‘limi hamda madaniyat markazi xodimlari, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i v.v.b M.Igamkulov so‘zga chiqib, “Namunali” madaniyat markazi hamda unda yaratilgan imkoniyatlar, faoliyat yuritayotgan to‘garaklar, badiiy jamoalar haqida gapirib, kelgusida ushbu markazda xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari yitishib chiqishiga ishonch bildirildi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar markaz faoliyati hamda unda tashkil etilgan to‘garaklarning mashg‘ulot jarayonlari, folklor etnografik xalq jamoalarining konsert dasturlariga tayyorgarlik ishlari, mavjud musiqa cholg‘ulari va texnik jihozlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shundan so‘ng, “Namunali madaniyat markazi” mavzusida viloyat seminari bo‘lib o‘tadi.
Seminarda madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutaxassislarning hisobotlari tinglandi.
Madaniyat markazlarida faoliyat yuritayotgan badiiy rahbarlar, to‘garak rahbarlari hamda mutaxassislar ishtirokida bo'lib o'tgan seminarda madaniyat markazlarining roli va vazifalari mavzusida davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida madaniyat markazlari faoliyatini yanada jonlantirish, yuzaga kelayotgan muammolarni birgalikda hal etish, tajriba almashuv seminarlarini doimiy amalga oshirib borish yuzasidan rejalar kelishib olindi.
Seminar 4-son madaniyat markazi qoshidagi badiiy jamoalarning konsert dasturi bilan o‘z nihoyasiga yetdi.