"Vatan yagonadir, vatan bittadir"
29 Mar, 2025 - 14:50
40
Tadbir
“Navro‘z” umumxalq bayramining shukuhi davom etayotgan ayni kunlarda viloyatimizning barcha mahallalarida, shu jumladan qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlardagi mahallalarda hamda qirg‘iz va tojik millatiga mansub aholi istiqomat qilib kelayotgan mahallalarda xalq sayllari shodu-xurramlik bilan bo'lib o'tmoqda.
Bugun 29-mart kuni Zomin tumanining “Baxt” va “Chilonzor” mahallalarida "Vatan yagonadir, vatan bittadir" shiori ostida "Millatlar do‘stligi" bayram sayllari bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, turli millat va elatlarning vakillari bilan birgalikda o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarda milliy taomlar, milliy kiyimlar ko'rgazmalari, milliy xalq o'yinlari hamda teatr aktyorlari, estrada xonandalari, folklor etnografik xalq ansambllari ishtirokidagi konsert dasturlari do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir.
Jumladan, tadbirlarda amaliy san’at va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. "Jonli ustaxona" formatida gilamdo‘zlik, zargarlik, kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarmandchilik yo‘nalishlari namoyish qilinib, mehmonlarga o‘z qo‘llari bilan milliy bezaklar tayyorlash imkoniyati yaratildi.
Milliy o‘yinlar — "Oq terakmi – ko‘k terak", "Kuch sinash", "Arqon tortish", "Chillak", "Yurtim polvonlari" musobaqalari o‘tkazildi. Shuningdek, dorbozlar chiqishlari va "Varraklar sayli" tashkil qilindi.
"Adabiy ko‘prik" kompozitsiyasi doirasida qo‘shni davlatlarning buyuk ajdodlari adabiy merosini aks ettiruvchi kitoblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni, tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan rasmlar tanlovi ham tashkil etildi.
"Mehr-oqibat dasturxoni" shiori ostida turli millatlarning milliy taomlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Buyuk ajdodlarimiz hamda qo‘shni davlatlarning mutafakkirlari, yozuvchi va shoirlarining do‘stlik va hamjihatlik haqidagi asarlari bo‘yicha kitobxonlik tanlovlari o‘tkazildi.
"Navro‘z uchun 10 000 tabassum" xayriya aksiyasi doirasida yetim bolalar, nogironligi bor insonlar va kam ta’minlangan oilalarga sovg‘alar topshirildi.
Teatr vakillari tomonidan O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda yetishib chiqqan buyuk allomalar siymosi gavdalantirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
"Hayit oshi – tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik oshi" shiori ostida mahalla aholisi uchun ehson tadbirlari tashkil etildi. Uyidan chiqa olmaydigan bemorlar va keksa avlod vakillarining holidan xabar olindi.
Eslatib o'tamiz, ushbu bayram sayllari 30-31-mart unlari ham davom etadi.